Ko’kka boqasan, bulutlar e’tiboringni tortadi… negadir ular juda-juda yaqindek, xuddi bir qadam…
Ko’kka boqasan, bulutlar birga suzib ketmoqchisandek go’yo… ular negadir ko’z yosh to’kmoqchidek, lekin… lekin nega yoshlari ko’rinmaydi?... nimaga? Ko’z yoshlarini ko’rsatmasdan nega qochib ketishyapti?...
Ko’kka boqasan, ko’zingni quvontirgan, bir qadar g’amga solgan bu bulutlar asta-sekin suzib ketmoqda. Bir maromda, dilga yoquvchi sokinlik bilan… Ko’zingni yumasan, yuzingga mayin shabboda uradi. Shunchalar mayinki, ko’zingni ochging kelmaydi.xayolingga eng yaxshi kunlaringdagi xursandchiliklar keladi, eng shirin va yoqimli orzularga to’ladi bu qalbing. Yaqin turgan bu osmon yanada yaqindek, sen shu osmonning bir bo’lagidek his etasan o’zingni.xayollaring, bu o’ylaring osmon qadar…
Ko’zingni ochib yana ko’kka boqasan…
Bulutlar o’rnini ko’m-ko’k va beg’ubor bo’shliqqa bo’shatadilar…
Bulutlar ortidan quyosh jilmayib turibdi, parishon xayollaringni u ham tuygandek…